close
Kontent qismiga oʻtish

Grafika

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Grafika (yunoncha. graphike, grapho — yozaman, chizaman degan manoni anglatadi) — tasviriy sanʼat turi. Rasm va rasm sanʼatiga asoslangan, lekin oʻz tasvir va ifoda vositalariga ega boʻlgan bosma badiiy asarlar. Grafik termini dastlab xat va xattotlik sanʼati maʼnosida qoʻllangan. XIX asr oxiri — XX asr boshlaridan yangi maʼno kasb etdi, poligrafiya sanoatining rivoji, fotomexanikaning vujudga kelishi bilan Grafik tasviriy sanʼat turiga aylanadi. Asosiy turlari: dastgohli Grafik. (amaliy ahamiyatga ega boʻlmagan, mustaqil rasm, estamp, lubok), kitob, gazeta-jurnal Grafikasi (illyustratsiya, bosma mahsulotlarni bezash, ularni shakllantirish), amaliy grafika (sanoat grafikasi, pochta markalari, ekslibris), plakat. Ifoda vositalari: kontur chiziq, shtrix, dog (qora, rangdor), varaq zamini (koʻpincha oq qogʻoz). Grafikaning uslubiy vositalari turli-tuman: naturaga qarab tez chiziladigan xomaki chizgilar, etyud, eskizlardan tortib, to puxta oʻylab, mulohaza yuritib ishlanadigan kompozitsiyalar (biror xrlat, manzara tasvirlangan; bezak maqsadiga xizmat qiladigan; shrift kompozitsiyalari)gacha. Grafika asarlari, mahsulotlari tez tayyorlash imkoni, sikl va turkumlar yaratish mumkinligi, tashviqot va targʻibotga mosligi va boshqa Uni tasviriy sanʼatning eng ommaviy muhim sohasiga aylantirdi. Texnikasi jihatidan grafika 2 turga ajratiladi: qoʻlda chiziladigan rasm va matbaada chop qilinadigan, koʻp nusxada nashr etiladigan bosma mahsulotlar (gravyura, litografiya, monotipiya va shahri k.). Rangtasvir bilan grafika chegarasidagi akvarel, guash, pastel rang-tasvirga ham, grafikaga ham mansub boʻlishi mumkin. Birinchisining tarixi juda qad. boʻlib ibtidoiy odamlar gʻor devorlariga, qoyatoshlarga chizib qoldirgan ibtidoiy sanʼat namunalaridan boshlanadi. Ikkinchisi, asosan, poligrafiya rivoji bilan bogʻliq, lekin poligrafiya sanoati vujudga kelishidan ancha oldin ham Xitoyda VI—VII asrlar (Yevropada XIV—XV asrlar)da gravyura ishlangan. Litografiya esa XIX asrdagina vujudga keldi.

Grafika ishlatiladigan asosiy sohalardan biri kitob boʻlib, oʻrta asrlarda vujudga kelgan xattotlik va kitob yaratish ishining sanʼatga aylanishi, qoʻlyozma kitoblarni yozish va bezash sanʼat turi sifatida rivojlanishi oqibatida miniatyura sanʼati rivojlangan, uning turli-tuman maktablari vujudga kelgan. Jahonning eng yirik muzeylarida jozibador bezatilgan qoʻlyozma kitob namunalari saqlanadi. Rassomning kitob yaratish jarayonidagi mehnati, ayniqsa, poligrafiya sanoati vujudga kelganidan keyin katta ahamiyat kasb etdi, kitob mazmunini kitobxon koʻz oʻngida gavdalantirishda xizmat qiladigan rasmlarni endi fotografiya imkoniyatlaridan foydalanib koʻplab nusxalarda nashr qilish imkoni tugʻildi. Shunday kilib, kitob grafikasi va plakat kishilarga maʼnaviy taʼsir koʻrsatishning kuchli quroliga aylandi. Rassom rasmdan tashkari kitobning muqovasi, sarvaragʻini be-zaydi, turli bezak unsurlarini yaratadi, kitobning shriftini belgilab beradi. Sanoatning barcha tarmoqlarining rivoji mahsulotlar reklamasidan tortib yorliq, mahsulot joylanadigan bezakli qutichalar, oʻrov materiallari va shahri k.ni yaratishni taqozo etdi, grafik rassomlarning G. turlari boʻyicha ixtisoslashuvlarini talab qildi.

Kitob grafikasi va u bilan bogʻliq dastgohli grafika jadal rivojlandi. Bu sohada yirik rassomlar ijod qilgan: Germaniyada A. Dyurer, L. Kranax, G. Golbeyn Kichkina, K. Kolvits; Italiyada J. Piranezi; Niderlandiyada L. Leydenskiy; Gollandiyada Rembrandt; Flandriyada P. P. Rubens; FransiyadaJ. Kallo, O. Domye; Ispaniyada F. Goyya; Rossiyada A. Zubov, A. Venesianov, O. Kiprenskiy, I. Shishkin, V. Serov va boshqa

XX asr jahon grafikasining yetuk namoyandalari: P. Pikasso, J. Effel (Fransiya); R. Guttuzo, G.Mukchi (Italiya); F. Mazerel (Belgiya); X. Bidstrup (Daniya); R. Kent (AQSH); G. va L. Grunding , O. Nagel. V. Klemke (Germaniya); T. Kulisevich, Yu. Mroshchik (Polsha); D. Moor, V. Deni, V. Favorskiy, A. OstroumovaLebedeva, Kukrinikslar (Rossiya) va boshqa

Oʻzbekistonda grafika XX asrda shakllandi va rivojlandi. Rassomlar I. Ikromov, V. Kaydalov, L. Abdullayev, T. Muhamedov, K. Nazarovlar kitob bezaklari, Q. Basharov ilk kitob suratlari va ajoyib linogravyura asarlari bilan oʻzbek tasviriy sanʼati taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdilar va oʻzbek G.si maktabining vujudga kelishiga zamin yaratdilar.

XX asrning oxirgi choragida ijodkorlar safiga M. Kagarov, L. Ibrohimov, M. Sodikrv, A. Mamajonov, A. Bobrov, V. Apuxtin, F. Basharova, A. Li, G. Li kabi rassomlarning kelib qoʻshilishi grafikani ham badiiy mahorat, x.am mavzu jihatdan boyishini taʼminladi. Oʻzbek grafikachilari grafikaning barcha sohalari (akvarel, litografiya, ksilografiya va boshqalar)da samarali ijod qilib, mavzu jihatdan rang-barang (tarix, zamonaviylik, ekologiya va boshqalar) asarlar yaratmoqdalar, jahon va oʻzbek mumtoz adabiyotiga, Sharqning buyuk arboblari, yozuvchi va olimlari siimolariga murojaat qilmoqdalar.

Tursunali Qoʻziyev.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil